O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov FIFA Jahon chempionatida Kongo Demokratik Respublikasi darvozasiga kiritgan goli uchun "Hyundai Turnirning eng chiroyli goli" (Hyundai Goal of the Tournament) sovrini nomzodlari ro‘yxatiga kiritildi. G‘olib nomi muxlislarning onlayn ovoz berish jarayoni orqali aniqlanadi.
Shomurodov ushbu nominatsiyaga O‘zbekiston terma jamoasining o‘z tarixidagi debyut Jahon chempionatida Kongo DR ustidan qozongan g‘alabali (3:1) o‘yinidagi goli evaziga loyiq ko‘rildi.
Mazkur gol chiroyli tashkil etilgan hujum harakatidan so‘ng, o‘zbekistonlik hujumchining darvozabon ustidan to‘pni aniq ko‘tarib tashlashi bilan yakunlangan edi.
Shomurodov "Hyundai Turnirning eng chiroyli goli" sovriniga nomzod bo‘lgan bir nechta xalqaro futbolchilar qatoridan joy oldi, ular orasida Kilian Mbappe (Fransiya), Lionel Messi (Argentina), Erling Xoland (Norvegiya), Jud Bellingem (Angliya), Ferran Torres (Ispaniya), Elayja Jast (Yangi Zelandiya), Vilson Isidor (Gaiti), Kerim Alaybegovich (Bosniya va Gersegovina), Dayzen Maeda (Yaponiya), Sidni Lopes Kabral (Kabo-Verde) va Xulian Alvares (Argentina) bor.
Mbappe Senegalga qarshi o‘yindagi uzoq masofadan yo‘llagan goli uchun, Messi esa Jazoir bilan bahsda Rodrigo De Paulning uzatmasidan keyin kiritgan goli uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritildi. Xolandning Braziliya darvozasiga jarima maydonchasi tashqarisidan urgan goli ham ushbu sovringa loyiq ko‘rilgan.
Mukofot uchun onlayn ovoz berish jarayoni 20-iyuldan 27-iyulgacha davom etadi va g‘olib muxlislar ovozi orqali aniqlanadi.
Shomurodov avvalroq JCh-2026 guruh bosqichining eng chiroyli goli muallifi deb topilgan edi. Uning Kongo DR darvozasiga urgan goli umumiy ovozlarning 36 foizini yig‘ib, guruh bosqichining eng yuqori baholangan goliga aylangandi.
Manba: https://play.fifa.com/gott/
