Times Higher Education (THE) agentligi e’lon qilgan Sustainability Impact Ratings 2026 natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti ilk bor dunyoning top-1000 universiteti qatoridan joy oldi. Universitet «Sog‘liq va farovonlik» (SDG 3) yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda TOP-100 oligohlari orasida joy olib jahonda 81-o‘rinni, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida esa birinchi o‘rinni egalladi.
##Universitet bu natijaga qanday erishdi?##
Joriy yil 24 iyun kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan Global Sustainable Development Congress–2026 forumida Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi o‘zining Impact Rankings–2026 natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti 601–800-o‘rinlar guruhidan joy olib, dunyoning top-1000 universiteti qatoriga kirdi. Reyting universitetlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti belgilagan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadini amalga oshirishga qo‘shayotgan hissasi asosida shakllantiriladi. Bunda ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, innovatsiyalar, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitga munosabat va xalqaro hamkorlik kabi qator mezonlar hisobga olinadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti uchun eng muhim natijalardan biri «Sog‘liq va farovonlik» (SDG 3) yo‘nalishida qayd etildi. Universitet ushbu mezon bo‘yicha dunyoda 81-o‘rinni, mamlakatimizda esa birinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich tibbiy ta’lim bilan birga klinik faoliyat, ilmiy tadqiqotlar, profilaktika dasturlari va aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ham qamrab oladi.
##Reyting ortida turgan strategiya##
Xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash tasodif yoki qisqa muddatli kampaniya mahsuli emas. Bu yillar davomida shakllangan taraqqiyot strategiyasi, aniq rejalashtirilgan boshqaruv va tizimli mehnatning natijasidir. Toshkent davlat tibbiyot universitetining THE Impact Rankings–2026 reytingidagi muvaffaqiyati ham aynan shu tamoyillarga tayangan holda qo‘lga kiritildi.

